O‘zbekistonda konsertlar milliy an’analarga mosligi jihatidan tekshirilishi mumkin
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi konsertlar o‘tkazishning yangi tartibini joriy qilishni taklif etmoqda, u ssenariylarni milliy qadriyatlar va an’analarga muvofiqlik bo‘yicha tekshirishni nazarda tutadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida aytiladi.
Unda qayd etilishicha, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi tadbir tashkilotchisi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga o‘tkaziladigan konsert-tomosha tadbirining batafsil tafsilotlarigacha yoritib berilgan aniq ssenariysini taqdim etadi.
Taqdim etilgan hujjatlar muassasaga kelib tushgan kundan e’tiboran “O’zbekkonsert” davlat muassasasi va uning hududiy bo‘limlari huzuridagi Ekspert komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Ekspert komissiyasi hujjatlarni ko‘rib chiqishda:
- tadbir dasturi yoki ssenariysining g‘oyaviy-badiiy saviyasiga;
- namoyish etilishi rejalashtirilgan repertuarning milliy an’analar va umumbashariy qadriyatlarga mos kelishiga;
- tadbir dasturi yoki ssenariysida Vatanga sadoqat, Ona yurtga muhabbat kabi tuyg‘ularning aks ettirilganligiga e’tibor qaratilishi lozim.
Ekspert komissiyasi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan talabgorga ruxsatnoma berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risida tegishli xulosa Ekspert komissiyasi yig‘ilishining bayoni bilan tasdiqlanadi.
Sharhlar