Konstitutsiyadan kelib chiqib qonunlarga o‘zgartirishlar kiritiladi
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida konstitutsiyaviy islohotlar natijasida ishlab chiqilgan qonunlar muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun muhokama qilindi.
Vazirlar Mahkamasi maqomi, uni shakllantirish va faoliyatini tartibga solish masalalari bevosita Konstitutsiyada mustahkamlangan normalarga asoslanadi hamda mazkur qonunning asosiy qoidalari ushbu normalardan kelib chiqqan.
Shu boisdan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunni konstitutsiyaviy qonun shaklida qabul qilish taklif etilmoqda.
Muhokama davomida ushbu qonunning qabul qilinishi Vazirlar Mahkamasi ishini tashkil etishning sifat jihatdan yangi, samarali usullari va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish hamda Hukumat a’zolarining davlat siyosatini yuritish va biriktirilgan sohalarda aniq natijalarga erishish yo‘lidagi shaxsiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Senatorlar inson huquqlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq bir qator o‘zgartirishlar Konstitutsiyaga kiritilishi amaldagi qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etayotganini aytib o‘tdi.
Bu borada yangilangan Konstitutsiyaning 19-moddasida belgilangan normadan kelib chiqib, jami 26 qonun hujjati (6 kodeks va 20 qonun) normalari muvofiqlashtirilayotgani qayd etildi.
Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sharhlar