O‘zbekistonda eng ko‘p korrupsiyaviy jinoyat sodir etilayotgan sohalar ma’lum qilindi
2023-yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari tahlili korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelganini, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni Surxondaryo va Andijon viloyatlarida ortganini ko‘rsatdi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Senatning navbatdagi yalpi majlisida taqdim etilgan milliy maʼruzada aytiladi. Unda 2023-yilda mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar aks ettirilgan bo‘lib, ular to‘g‘risida majlisda axborot berildi.
Korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sudlangan shaxslarning aksariyati maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari, tijorat banklari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari hamda hokimliklar xodimlari hisoblanadi.
Shuningdek, ichki nazorat tuzilmalar faoliyatini tashkil etishda ayrim davlat idoralari tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, ichki nazorat tizimi joriy etilgan davlat idoralarining 37 tasida tashkil etilgan 996 ta shtat birligidan 172 tasi (17,2 foiz) vakant bo‘lsa, 6 ta tashkilotning 35 nafar xodimiga qo‘shimcha vazifalar yuklangan.
Shu bilan birga, 20 ta davlat tashkilotida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan, 13 tasida ichki nazorat tizimi samarali faoliyat ko‘rsatmayapti.
Xususan, Andijon va Surxondaryo viloyati hokimliklari, Tashqi ishlar vazirligi, Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida atigi 5 ta shtat birligidan iborat (vazirlik markaziy apparatida) ichki nazorat tuzilmasi tashkil etilgan.
Sharhlar