Korrupsiya: Zangiotada soliq inspeksiyasi xodimi pora bilan ushlandi

Foto: Ochiq manba

Toshkent viloyati, Zangiota tuman soliq inspeksiyasining shoʻba boshligʻi vazifasini bajaruvchi shaxs qurilish mollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oilaviy korxonaning faoliyatiga rahnamolik qilish va 1 yil davomida tekshiruv oʻtkazmaslik evaziga 1200 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara bojxona posti inspektor-surishtiruvchisi taqiqlangan tovarlarni tadbirkor tomonidan mamlakatimizga olib kirish boʻyicha sodir etilgan huquqbuzarlikni sudda koʻrib chiqilishi jarayonida mansabdor tanishlari orqali unga yengillik yaratib berish va ushbu tovarlarni Oʻzbekistondan qaytarib olib chiqib ketishida yordam berish evaziga 1000 AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida bojxona inspektori mazkur masalada koʻmaklashish uchun muqaddam 300 AQSH dollari olganligi ham maʼlum boʻldi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.