Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish uchun qonuni loyihasi ishlab chiqildi

15-noyabr kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashda korrupsiya haqida xabar berishning o‘rni va ta’siri” mavzusida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari hamda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Dastlab loyiha doirasida o‘tkazilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashda korrupsiya haqida xabar berishning o‘rni va ta’siri” mavzusidagi so‘rovnoma natijalari taqdimot qilindi. Ta’kidlanganidek, so‘rovning asosiy maqsadi fuqarolarning korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar berish bilan bog‘liq tasavvurlari va tushunchalari, shuningdek, mas’ul idoralarga xabar berishdagi muammolar, bu bo‘yicha to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillarni baholashdan iborat.

So‘rovda respublikaning barcha hududlaridan 500 nafardan ortiq respondent ishtirok etgan. Shuningdek, 10 ta vazirlik va idoralarning 20 nafardan ortiq xodimi o‘rtasida ham anonim so‘rovlar o‘tkazilgan. So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 74,0 foizi korrupsiya holatlari haqida xabar berishga va 82,2 foiz elektron platforma yoki mobil ilova orqali xabar berishga tayyorligini bildirgan. Lekin korrupsiya holatlari haqida xabar bermaslikning asosiy sabablari sifatida korrupsiyadan o‘zlari manfaatdorligi (19,8%) va kimga murojaat qilishni bilmasligini (20,4%) qayd etgan.

Shu bilan birga, respondentlarning 13,8 foizi minnatdorchilik sifatida sovg‘a berishni oddiy hol deb hisoblashini, 7,4 foizi esa bunday harakatlarni korrupsiya holati deb bilmasligini ta’kidlagan.

Qayd etilganidek, so‘rovnomada bildirilgan taklif va mulohazalar korrupsiya haqida xabar berish tizimining yangi mexanizmlarini amaliyotga joriy etishda, xususan, “Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ishlab chiqilishida hamda murojaatlarni qabul qilish bo‘yicha markazlashtirilgan yagona elektron tizim faoliyatini yo‘lga qo‘yishda foydalanildi.

Ma’lumot uchun: Tizim Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Clean Portal” (“Shaffof portal”) platformasining ilg‘or yutuqlari, zamonaviy qulayliklari asosida ishlab chiqilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.