Raqobat qo‘mitasi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘adi

Foto: korzinka.uz

“ANGLESEY FOOD” MChJ (“Korzinka” supermarketlar tarmog‘i)ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda Raqobat qo‘mitasi.

“Korzinka” supermarketlar tarmog‘i tomonidan turli xil usullarda tarqatilayotgan reklama axborotida “Kundalik xaridlarga eng arzon narx”, “Eng arzon narx – Korzinkada”, “…Eng unumlisiga keling!” degan reklamasida foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan so‘z jumlalaridan foydalanilganligi kuzatilmoqda, deyiladi xabarda.

Mazkur reklama axborotida qayd etilgan ma’lumotlarni o‘rganish natijasida, aksiya doirasida kundalik ehtiyojlar uchun kerak bo‘ladigan ma’lum bir miqdordagi mahsulotlardan iborat bo‘lgan katalog joriy qilinganligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, ushbu katalogga kiritilgan mahsulotlarning narxlari turli supermarketlar tarmog‘i hamda dehqon bozorlardagi xuddi shunday mahsulotlarning narxlari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringlar natijasiga ko‘ra solishtirilganligi hamda taqqoslash uchun har bir tovarning alohida emas, balki savatning (katalogning) umumiy narxi olinganligi Qo‘mita tomonidan aniqlangan.

Xususan, «eng arzon narx» deb e’lon qilingan mahsulotlarning alohida turlari bo‘yicha narxlari boshqa supermarketlar va dehqon bozorlarida sotilayotgan huddi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan farq qilmasligi kuzatilgan.

Reklamaning bunday ko‘rinishda bo‘lishi reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holat deyilishi mumkin, deyiladi xabarda.

Yuqoridagilarga ko‘ra, O’zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 16-moddasi birinchi qismi va O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 6-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “ANGLESEY FOOD” MChJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.