“Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar” ro‘yxatiga kiritilgan “kofe”lar aniqlandi
“Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona posti xodimlari tomonidan “Istanbul-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan bir guruh O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tegishli tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, fuqarolarning qo‘l yuklari va bagajlari tekshirilganda, bojxona nazoratiga belgilangan tartibda taqdim etilmagan, sifat ko‘rsatkichlarini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan, hech qanday ruxsatnomasiz jami 358 quti ichida 9 210 dona “KETO FORM SLIMMER COFFEE” nomli bioaktiv moddalarga o‘xshash kukunsimon mahsulotlar borligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosalariga ko‘ra, mazkur mahsulotlar tarkibida “sibutramin” va “kofein” moddalari mavjud bo‘lib, “sibutramin” moddasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-avgustdagi 399-sonli qarorining “Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar” ro‘yxatidagi №60 tartib raqamida ko‘rsatib o‘tilgan, respublika hududida muomalasi cheklangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilganligi ma’lum qilingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Sharhlar