Kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan vositalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Respublikamiz bojxonachilari tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilishiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati yozmoqda.
Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan vositalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
“Toshkent viloyati, Toshkent tumani xududi bo‘ylab xarakatlanib ketayotgan oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi”, – deyiladi xabarda.
Natijada, avtomashinaning yukxonasi va salonida xorijda ishlab chiqarilgan, sifati va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 95 mln so‘mlik 380 qutida jami 11 400 dona tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan vazn yo‘qotish uchun mo‘ljallangan 3 xil turdagi kofe maxsulotlari borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar