Kun.uz tashkil etgan debatda korrupsiyaga qarshi kurash masalasi ko‘tarildi
“Kun.uz” veb-sayti tomonidan yurtimizda faoliyat yuritayotgan 5 ta siyosiy partiya vakillari ishtirokida tashkil etilgan debat ilk marotaba O‘zbekistondagi eng ko‘p kuzatuvchiga ega onlayn nashr platformasida o‘tkazilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bir necha raunddan iborat bo‘lgan debatda aholi uchun dolzarb bo‘lgan masalalar muhokama qilindi. Debatning 2-raundida butun dunyoni tashvishga solayotgan masala – korrupsiyaga qarshi kurashishda partiyalar tomonidan qanday aniq tashabbuslar ilgari surilayotgani to‘g‘risida spikerlarga savol berildi.
Har bir partiya vakili korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z partiyasining tashabbusini sodda va tushunarli tilda saylovchilar e’tiboriga yetkaza oldi.
O‘zLiDeP vakili davlat xizmatlarini raqamlashtirish, kelajakda 40% davlat xizmatlarini xususiy sektorga o‘tkazish hamda elektron xizmatlar ulushini kengaytirish orqali korrupsiyani kamaytirishni maqsad qilingani, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiyani ishlab chiqishni rejalashtirishayotganini ta’kidlab o‘tdi.
MTDP vakili korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunlar va chora-tadbirlar bilan cheklanib qolmasligi, bunda insonning milliy qadriyatlarga asoslangan to‘g‘ri tarbiyasiga ham e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, partiya korrupsiyaga qarshi keng jamoatchilikni jalb etish, qonun ustuvorligini ta’minlash tashabbuslarini ilgari surayotganligini ma’lum qildi.
Ekopartiya vakili daraxtlar kesilishi, qurilish sohasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali korrupsiya holatlarining oldini olish, shaharlarda qurilish ishlarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish mexanizmlarini qonunchilikka kiritish yuzasidan partiya tashabbuslariga to‘xtaldi.
XDP vakili korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish va ularning davlat xizmatiga kirishini cheklash, korrupsiyaga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish va natijalarini e’lon qilishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash tashabbusi ilgari surilayotganini qayd etib o‘tdi.
“Adolat” SDP vakili korrupsiya faktlarini “dastlabki o‘rganish” mexanizmini joriy etish, davlat budjeti daromadlari va xarajatlarini shaffof qilish, davlat xaridlariga oid qonunchilikni takomillashtirish va budjet jarayonlarini raqamlashtirish orqali korrupsiyani oldini olish asosiy vazifa sifatida belgilanganini ma’lum qildi.
Javoblardan barcha partiyalar korrupsiyaga qarshi kurashishga jiddiy e’tibor qaratishgani, ammo ularning yondashuvlari bir-biridan farq qilishini kuzatish mumkin.
Siyosiy partiyalarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha aniq reja va tashabbuslari mavjud ekani diqqatimizni tortdi. Kuzatamiz, ushbu yo‘nalishda partiyalar tomonidan qanday choralar amalga oshiriladi.
Mirsulton Mirzarahmatov,
Yoshlar parlamenti a’zosi
Sharhlar