Toshkent aeroportida uchib ketayotgan yo‘lovchilar uchun kutish hududi kengaytirildi

Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent xalqaro aeroporti uchish zalining “steril” hududi yana 2000 kvadrat metrga kengaytirildi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports. Yangi maydon kutish zalining chap tomonida, “Art bazar” savdo nuqtalaridan keyin ochildi.

Loyihaga ko’ra, ushbu zalda o‘rindiqlar bilan jihozlangan keng kutish hududi hamda “fud-kort” tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda E-auksion.uz platformasidagi savdolar natijalariga ko‘ra ikkita kompaniya bilan shartnomalar tuzildi, ulardan biri aeroportda “The Border by Teriyaki” restoranini, ikkinchisi o‘z hududida to‘rtta brendni: “Hardee’s”, “Pizza Hut”, “La Croissanterie”, “Pinkberry”larni birlashtiradi.

Tez orada restoranlarning qurilishi boshlanadi. Hozircha “fud-kort” uchun moʻljallangan joylar tez orada ish boshlaydigan brendlarning logotiplari tushirilgan bannerlar ortida yashiringan. Hozirda yangi zalda mashhur “Caffelito” tarmog‘ining qahva burchagi joylashgan bo‘lib, u yerda yo‘lovchilar uchun issiq va sovuq ichimliklar, shirinliklar va pishiriqlar mavjud.

Qo‘shimcha zalning qurilishi umumiy jo‘nash zalini B5-B6-B7 chiqish yo’laklari bilan ulash imkonini berdi. Bundan tashqari, kelajakda kelayotgan va ketayotgan yo‘lovchilar oqimini ajratib turuvchi alohida galereya va pastki zaldan bortga chiqish yo‘laklarini ochish mumkin bo‘ladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.