IIV “kvadrober” bolalarning ota-onalarini jarimalar haqida ogohlantirdi
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar o‘rtasida o‘zini ma’lum bir hayvon qiyofasida aks ettiruvchi aksessuarlardan foydalangan holda o‘sha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilish ko‘rinishidagi kvadroberlik submadaniyati namoyon bo‘lmoqda, deb xabar beradi Ichki ishlar vazirligi.
Shu kabi voqealar Qozog‘iston, Rossiya va Ukraina yoshlari orasida ham kuzatilgan.
Achinarlisi, bunday nomaqbul harakatlar Toshkent shahrida ham kuzatilmoqda. Xususan, 10 oktyabrda hayvonlar qiyofasidagi niqoblarni taqib olgan “kvadrober” uchratilgani, 11 oktyabrda esa yana bir “kvadrober” yo‘lovchilarga itga taqlid qilib hujum qilgan, voqeaga guvoh bo‘lgan bola qattiq qo‘rqib ketganligi xabar berilgan.
Mazkur holatlar jamiyatda yurish turish qoidalariga zid bo‘lib, bu kabi xulq-atvorni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi.
Ekspertlar fikricha, kvadroberlik bola o‘ziga hayvonlarning agressiv harakatlarini qabul qilishiga, o‘zini va atrofdagilarni jarohatlashiga, bolaning hali to‘la shakllanmagan psixikasiga zarar yetishiga hamda uning jamiyatdan ajratilib qolishiga olib kelishi mumkin.
Ta’kidlash lozimki, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasiga binoan, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. Shuningdek, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi bolaning o‘qishi, tarbiyalanishi, jismoniy, ma’naviy va intellektual rivojlanishi uchun mas’uldir. Shuningdek, voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi o‘z bolalarini insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, ma’naviy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashi shart.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 5 barobarigacha (1 million 875 ming so‘mgacha) jarimaga tortishga sabab bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi hurmatli ota-onalarimizni o‘z farzandlarini har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash bo‘yicha o‘zlarining ma’naviy burchlari va qonuniy majburiyatlarini bajarishga chaqiradi.
Bola huquqlari kafolatlarini ta’minlashga mas’ul organlardan biri sifatida vazirlik shunday submadaniyat namoyon bo‘lishi holatlari ota-onalar tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarmaslik sifatida malakalanishini ma’lum qiladi.
Bundan tashqari, kvadroberlik bolaning ruhiy va emotsional sog‘lig‘iga qanday ta’sir etganligini aniqlash maqsadida zarur hollarda bolalarni maxsus psixologik ko‘rikdan (konfidensial tarzda, bolani yakkalash va diskriminatsiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaydigan do‘stona usullar orqali) o‘tkazish ham talab etilishi mumkin.
Sharhlar