“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan maqullandi
10-iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Ma’muriy-tartib taomillar toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Jumladan:
- Ushbu Qonun bilan ma’muriy tartib-taomillarning prinsiplari xorijiy ekspertlarning fikrlari va zamonaviy ma’muriy huquq yutuqlarini hisobga olgan holda to‘liq va aniq bayon etilishi ta’minlandi.
- Shu bilan birga, asosiy tushunchalarga tuzatishlar kiritilib, ma’muriy organ, ma’muriy hujjat, ma’muriy ixtiyoriylik va boshqa shu kabi tushunchalarga yanada aniq ta’riflar berildi.
- Ma’muriy tartib-taomillarning asosiy institutlari, xususan tegishli tarzda xabardor qilish, manfaatdor shaxslarni tinglash, ma’muriy hujjat, ma’muriy shikoyat qilish va mamuriy hujjatni ijro qilish kabilar takomillashtirildi.
- Qonunga muvofiq ommaviy xarakterdagi ma’muriy ishlarda zarur bo‘lgan “birgalikdagi vakillik” instituti, ma’muriy ishda shaffoflik va qarorlarni aniqligini ta’minlovchi “protsessual hujjatlar” instituti, manfaatdor shaxslarga ma’muriy ishda o‘zlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vaqtida chora ko‘rish imkonini beruvchi “dastlabki ma’muriy hujjat” instituti, ma’muriy-huquqiy faoliyatda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlovchi “ma’muriy ishlar reestri” institutlari joriy etildi.
Mazkur Qonun kelgusida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan munosabatga kirishishda aniq tartib-taomillarni belgilashga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat organlari xodimlarining huquqqa xilof harakatlaridan himoya qilishga, ma’muriy tartib-taomillarning yagona va shaffof mexanizmi yaratilishiga, ushbu jarayonlarda korrupsiyaviy holatlarning yuzaga kelishini oldini olishga xizmat qiladi.
Ulashish:
Sharhlar