O‘zbekiston madaniyati va turizm salohiyati Germaniyada namoyish etildi
Shu kunlarda Germaniyaning Tyuringiya federal o‘lkasiga qarashli Zul shahrida an’anaviy “Madaniyatlararo haftalik” xalqaro festivali o‘tkazilmoqda. O’zA O’zbekiston elchixonasiga tayanib ma’lum qilishicha, ushbu madaniyat kunlarida O‘zbekiston vakillari ham faol ishtirok etyapti.
Festival turli millat va xalqlarning boy madaniy an’analari bilan yaqindan tanishish, o‘zaro muloqot o‘rnatish uchun ajoyib imkoniyat berdi. Unda milliy taomlar namoyishi, turli ko‘rgazmalar, bolalar uchun qiziqarli o‘yinlar tashkil etildi. Har yili Germaniya bo‘ylab o‘tkaziladigan ushbu xalqaro tadbir turli millatlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash va madaniy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Elchixona diplomatlari tadbirda ishtirok etayotgan vatandoshlarga yaqinda Germaniya Kanslerining yurtimizga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi migratsiya bitimi imzolangani haqida so‘zlab, hujjatning qonuniy mehnat migratsiyasi va ta’lim almashinuvi uchun yangi imkoniyatlar yaratgani haqida ma’lumot berdi. Xususan, vizalarni soddalashtirish va sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar shular jumlasidandir.
– Biz to‘rt yildan buyon mamlakatingiz bilan faol hamkorlik olib bormoqdamiz. Hozirda 60 nafardan ziyod o‘zbek yoshlari bizda kasbiy ta’lim olyapti. Ushbu festival o‘zaro do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. O‘zbekiston stendida nafaqat mazali taomlar, balki mamlakatning madaniyati, san’atini ifodalovchi kulolchilik mahsulotlari va milliy kiyimlari ham namoyish etilmoqda. Maqsadimiz mahalliy aholini o‘zbek madaniyati bilan yaqindan tanishtirishdir. Biz bilan hamkorlikda ishlaydigan kompaniyalar tirishqoq va bilimga chanqoq o‘zbekistonlik yosh mutaxassislardan juda mamnun. O‘ylaymanki, O‘zbekiston bilan amalga oshirayotgan kasbiy ta’lim bo‘yicha loyihamiz uzoq yillar davom etadi, – ؘdedi “Simson Private Akademie” kompaniyasi rahbari Maks Roymshyussel.
Tadbirda O‘zbekiston turizmi salohiyati: boy madaniy meros, tarixiy yodgorliklar va tabiiy manzaralarni o‘zida mujassam etgan tarqatma materiallar taqdim etildi. Elchixonamiz tomonidan madaniy burchak tashkil etilib, undagi turli kashtado‘zlik, adras va atlasdan tikilgan chiroyli liboslar va hunarmandchilik buyumlari qatnashchilar e’tiboriga havola etildi.
27 sentyabr kuni “Madaniyatlararo haftalik” xalqaro festivali o‘z ishini yakunlaydi.
Sharhlar