Sog‘liqni saqlash vazirligi kuchli magnit bo‘ronlaridan ogohlantirdi
O’zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Yerda kuzatilayotgan kuchli magnit bo‘ronlari himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Xalqaro meteorologlarning ogohlantirishicha, 30-31-iyul va 1-avgust kunlari sayyoramizda 4-7 ballik davomli geomagnit bo‘ronlari kuzatilishi kutilmoqda. Xususan, bugun tunda magnit bo‘ronining 7 ballik kuchli qo‘zg‘alishi prognoz qilingan.
Mazkur tabiat hodisasi aloqa, elektr tarmoqlari, navigatsiya tizimi bilan birga, inson salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xo‘sh buning oldini olish uchun qanday yo‘l tutish lozim?
Sog‘liqni saqlash vazirligi bu borada quyidagi tavsiyalarni beradi:
Kuchli magnit bo‘roni chog‘ida arterial gipertoniya xastaligi bor odamlarda qon bosimi ko‘tarilishi, gipotenziv bemorlarning qon bosimi pasayishi, qandli diabet bilan og‘riyotgan kishilarning esa qonida qand miqdori ortishi mumkin.
Bu holat organizmda tashqi stresslarga chidamlilikni ta’minlaydigan melatonin moddasi ishlab chiqarilishining kamayishi bilan izohlanadi.
Oqibatda asab tizimi bilan bog‘liq muammosi bor insonlarda gormonlar ishlab chiqarilishi kuchayib, asabiylik, holsizlik, reaksiya susayishi yoki kuchayishi belgilari yuzaga keladi.
Qolaversa, magnit bo‘roni bronxial astma bilan og‘rigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan.
O’z navbatida, magnit bo‘ronlari payti ba’zi odamlarda yorug‘lik va baland tovushlarga og‘riqli reaksiya, uyqusizlik yoki aksincha uyquchanlik paydo bo‘ladi.
Shunday ekan, bunday vaziyatda, avvalo, ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratish va ko‘proq suyuqlik ichish lozim.
Ho‘l mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini ko‘p bo‘lgan ne’matlardan iste’mol qilish zarur.
Magnit bo‘roni kuzatiladigan kunlarda spirtli va energetik ichimliklardan butunlay voz kechish hamda yog‘li, achchiq, sho‘r taomlar iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi. Chunki tuz qon bosimi oshishiga sabab bo‘ladi.
Tinchlantiruvchi xususiyatga ega choylardan ichish ham maqsadga muvofiq. O’z navbatida, mutaxassislar ortiqcha zo‘riqtiruvchi ishlar va mashg‘ulotlar bilan vaqtincha shug‘ullanmaslikni maslahat berishadi.
Surunkali kasalliklarga chalinganlar esa o‘zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.
Kun davomida bir necha marta dush qabul qilish ham katta foyda beradi.
Sharhlar