Andijonda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan maktab direktori 34 mln so‘m jarimaga tortildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi o‘qituvchi-pedagoglari majburiy mehnatga jalb qilingani bo‘yicha tarqalgan xabarlar yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rasmiy munosabat e’lon qildi.
Ushbu holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Maktab direktori o‘z ko‘rsatmasida, ta’lim muassasasida qurilish ishlari olib borilgani, shu sababli qurilishdan chiqqan chiqindilarni tozalash ishlariga 30 ga yaqin o‘qituvchi-pedagog va texnik xodimlarni majburan jalb qilgani, xodimlar ish stavkalari va dars soatlari qisqarib ketishidan xavotir olib ushbu ishlarni ko‘rsatmasi asosida bajarganini qayd etgan.
O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-moddasi (Ish beruvchining majburiyatlari) hamda Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qarori (“O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”) talablarini buzganligi aniqlangan.
Shu sababli, Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (34 000 000) miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Sharhlar