Malayziya kompaniyasi Toshkentda yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratadi

Фото: ИА "Дунё"

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning “FIVE Petroleum Malaysia” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori King Lim Chin Fui bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Muloqot chog‘ida Malayziya kompaniyasi rahbari bilan O’zbekistonga investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi.

King Lim shu yil may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan biznes-forumda viloyat hokimligi bilan alyuminiy bankalar ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha erishilgan kelishuvni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.

“FIVE Petroleum Malaysia” rahbari kompaniya tomonidan ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan alyuminiy bankalarini yetkazib berishda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan salqin ichimliklar ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik o‘rnatishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Malayziya tomoni bilan Toshkent shahri va keyinchalik respublikaning boshqa hududlarida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratish va ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha loyihani ham amalga oshirish ishlarini boshlashga kelishib olindi.

Uchrashuvda kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyaning O’zbekistonga ishchi safarini tashkil etish to‘g‘risida kelishildi.

“FIVE Petroleum Malaysia” kompaniyasiga 2020 yilda asos solingan. Kompaniya Malayziya bo‘ylab 110 dan ortiq avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarini boshqaradi. Shuningdek, 400 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalariga ega “BHPetrol” kompaniyasining 60 foiz ulushiga egalik qiladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.