Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda dronlardan foydalanish ko‘lamini kengaytiradi

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Meraque kompaniyasi O‘zbekistonda dronlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirmoqchi, deb xabar beradi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Qayd etilishicha, Malayziyaning yetakchi robototexnika yetkazib beruvchisi Meraque Group kompaniyasi va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik qishloq xo‘jaligi texnologiyalaridagi innovatsiyalar yo‘lidagi muhim qadamdir. O‘zaro anglashuv memorandumini Shahobjon Sharifov va Meraque bosh direktori Razali Ismoil imzoladi. Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, u 4,3 million gektar ekin maydonlarini o‘z ichiga oladi.

Meraque kompaniyasi kelgusi uch yil ichida O‘zbekistonda 1000 ta ish o‘rni yaratadigan va 100 000 gektar qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatadigan ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun 20 million Malayziya ringgiti sarmoya kiritmoqchi. Kompaniya, shuningdek, mintaqadagi texnologik takomillashtirish uchun qo’shimcha 30 million ringgit yig’moqchi.

Hamkorlikning asosiy qismi – qishloq xo‘jaligi uchun dronlar ekotizimini yaratish siyosatini ishlab chiqish bo‘ladi, bu esa mamlakatning 100 000 fermeri uchun samaradorlik va barqarorlikni oshiradi. Meraque shuningdek, dron operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘quv dasturlari orqali o‘qitish va bilim almashishga e’tibor qaratadi.

Razali Ismoilning aytishicha, bu hamkorlik ikki mamlakat qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.