Mamlakatda so‘nggi yetti yilda qariyb 100 milliard dollarlik qurilish ishlari bajarildi

Фото: president.uz

Yig‘ilishda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari rivojlanishiga katta impuls beradigan sohalardan biri – qurilish ekanligi ta’kidlandi.

Masalan, O‘zbekistonda yiliga 150 trillion so‘mlik qurilishlar bo‘layapti. Bu mablag‘larning uchdan birini qurilish materiallari tashkil etadi.

Xarajatlarning qolgan qismi elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, kimyo, metallni qayta ishlash sanoatlari, qurilish texnikalari, qurish-pardozlash, loyihalash va dizayner xizmatlariga to‘g‘ri keladi.

Sodda qilib aytganda, qurilish – minglab oddiy ishchilarni band qilishdan tortib, loyihachi, arxitektor, dizayner, muhandis-texnolog kabi yuqori maosh oladigan kreativ sanoat mutaxassislariga talabni shakllantiradigan soha.

Mamlakatda so‘nggi yetti yilda qariyb 100 milliard dollarlik qurilish ishlari bajarilib, bu borada katta tajriba orttirilgani ta’kidlandi.

Lekin iqlim o‘zgarishi, energiya va tabiiy resurslar tobora tanqis bo‘layotgani, demografiya va ekologiya masalalari butun dunyoda qurilish industriyasida har kuni yangi yondashuv va yangi yechimlarni taqozo qilmoqda.

Masalan, hozirgi loyihalar faqat binoni o‘zini qurish bilan cheklanmasdan, avtoturargohi, yashil hududi, maktab-bog‘chasi, sport va xizmat obyektlari qanday bo‘ladi, degan savollarni ham kompleks qamrab olishi kerak.

Davlat rahbari bu borada hali qiladigan ishlar juda ko‘pligini ko‘rsatib o‘tdi. Ayniqsa, bizni sharoitda tannarx, sifat va qurilish madaniyati eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.