“Mana, bizning qanday qahramonlarimiz, qanday o‘tyurak pahlavonlarimiz bor! Ularga tahsin va tasannolar bo‘lsin!” – Prezident
Barcha islohotlarimizning ruhi va mazmuniga “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!” degan ezgu g‘oya chuqur kirib bormoqda.
Iqtisodiy yutuqlarimiz joriy yil sentyabr oyidan pensiya va nafaqalar miqdorini, oktyabr oyidan esa budjet xodimlari, shifokorlar va pedagoglar maoshini oshirish imkonini bermoqda.
Odamlarimizda hayotdagi muammolar yechimiga daxldorlik hissi, faol fuqarolik pozitsiyasi kuchaymoqda. Aholimiz “Tashabbusli budjet” loyihasida faol qatnashib, mahallalar hamda ijtimoiy obyektlarni moliyalashtirishni mustaqil hal etmoqda. O‘tgan davrda yurtdoshlarimiz ma’qullagan 13 mingdan ortiq loyihalar uchun 11 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani ham buni tasdiqlaydi.
Ekologiyani asrash, tabiiy resurslarni tejab ishlatish, jumladan, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha zamonaviy tizimlarga o‘tish ishlari kuchaytirildi.
Mamlakatimizda “Yashil makon” dasturi davom etmoqda. Ayniqsa, Orol dengizi tubini ko‘kalamlashtirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ushbu loyiha mintaqa bo‘ylab chang va tuz tarqalishining oldini olishga yordam bermoqda.
Prezident bugungi kunda navqiron farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
Buning tasdig‘i yaqinda Parijda bo‘lib o‘tgan 33-yozgi Olimpiya o‘yinlarida yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Azmu shijoatli o‘g‘il-qizlarimiz dunyodagi eng yirik sport anjumanida 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritdilar. Ular milliy sportimiz tarixida shonli sahifa ochdilar.
Shu kunlarda Parijdan yana ketma-ket quvonchli xabarlar kelayotgani aytildi. Paralimpiyachi o‘g‘il-qizlarimiz ham xalqimiz uchun Mustaqillik bayramiga munosib sovg‘alar hadya etishmoqda.
Mahoratli sportchilarimiz Asila Mirzayorova, Qudratulla Ma’rufxo‘jayev, Elbek Sultonov oltin medallarni, matonatli o‘g‘il-qizlarimiz Ziyodaxon Isoqova, Kubaro Hakimova kumush medallarni, Muslima Odilova, Tolibboy Yo‘ldoshev, Mohigul Xamdamova esa bronza medallarini qo‘lga kiritdilar.
“Mana, bizning qanday qahramonlarimiz, qanday o‘tyurak pahlavonlarimiz bor! Ularga tahsin va tasannolar bo‘lsin!”
– dedi Prezident.
Sharhlar