Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashda yordam bergan shaxslar mukofotlanadi
5-iyulda Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 210-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni (Qonun) bilan o‘rnatilgan talablar va mexanizmlarni davlat organlari va tashkilotlarida samarali joriy etish, bu jarayonda xodimlarning huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash hamda ular uchun zarur tushuntirish ishlarini olib borish davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
Qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi va komissiya 2024-yil 1-iyulgacha Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq ro‘yxatini shakllantiradi.
Qonun kuchga kirganidan keyin quyidagilar ta’minlanadi:
- har chorakda Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari kesimida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar tahlil qilinishi, bunday holatlar ko‘paygan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni belgilash uchun tegishli taqdimnomalar kiritilishi;
- har yarim yilda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar Respublika idoralararo komissiyasi yig‘ilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib borilishi.
2024-yil yakunigacha “E-anticor.uz” elektron platformasida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni aniqlashda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash maqsadida quyidagi amaliyotlar joriy etiladi:
- davlat organlari va tashkilotlari xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari bo‘yicha tegishli dalillarni ilova qilgan holda ularni aniqlashda faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning ellik foizi miqdorida mukofot puli berish;
- Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari tomonidan har chorakda davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar, ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish.
2024-yil 1-oktyabrgacha manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestri, mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma va ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllari tasdiqlanadi.
Sharhlar