Mansabdor shaxslar pora ustida qo’lga tushdi
Toshkent shahrida yashovchi, 1975 y.t. fuqaro o‘zini go‘yoki “O‘zbekfilm” davlat unitar korxonasida mas’ul lavozimda ishlovchi shaxs sifatida tanishtirib, Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan mahkuma ayol hayotiga bag‘ishlangan ko‘p qismli serialni suratga olish uchun Kinematografiya agentligi huzuridagi Badiiy kengashda ishlovchi tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga 20 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Janubiy kon boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Qo‘shrabot tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroni ushbu kon boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs 2023-yilning sentyabr oyida “Zarmitan” koniga ishga joylashtirib qo‘yishini aytib, Qo‘shrabot tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqarodan jami 9 ming AQSH dollari olgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Toshkent viloyatida konsalting firma rahbari o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali, poytaxtlik fuqaroga chet tilini bilish bo‘yicha milliy sertifikat olib berib, uni Toshkent davlat yuridik universitetining magistratura bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 3500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda uchala shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Sharhlar