Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
Inflyatsiyani yil yakunida prognoz ko‘rsatkichlariga qadar va o‘rta muddatli davrda 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Umumiy inflyatsiya so‘nggi 3 oyda sezilarli o‘zgarishsiz saqlanib, avgustda yillik 10,5 foizga teng bo‘ldi. Joriy yilda meva-sabzavotlar narxi pasayishi inflyatsiyaga qariyb 1 foiz bandlik pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. O‘z o‘rnida, yil boshidan pasayuvchi tendensiyaga ega bo‘lgan bazaviy inflyatsiya iyun oyidan so‘ng yillik hisobda pasayishdan to‘xtadi.
Yanvar-iyul oylarida iqtisodiyotda yuqori ishlab chiqarish faolligi kuzatilib, yalpi talab va taklif o‘rtasidagi tafovut qisqarib bormoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarish, qurilish ishlari va xizmatlar sohasida real o‘sish sur’atlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori shakllandi.
Iqtisodiy faollikdagi ijobiy tendensiyalar savdo va pullik xizmatlar, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshishida ham kuzatildi.
“Bank tizimi umumiy likvidligining oshishi hamda asosiy stavkaning iyul oyidagi pasaytirilishi ta’sirida pul bozorida foiz stavkalarining ma’lum darajada pasayishi kuzatildi. Bu, o‘z navbatida, davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga ham ta’sir ko‘rsatib, ular bo‘yicha daromadlilik darajasini pasayishida aks etdi”, – deyiladi xabarda.
Kelgusida ham iqtisodiyotdagi yuqori investitsion va iste’mol faolligi yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Davlat budjeti xarajatlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning faollashuvi investitsion talabni ta’minlasa, xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining yuqoriligi aholining real daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iste’mol talabi dinamikasida namoyon bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, sentyabr-oktyabr oylarida pensiyalar va budjet tashkilotlarida ish haqilari oshirilishi ham kelgusi choraklarda iste’mol talabini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Almashuv kursi dinamikasi va oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqaror shakllanayotgani aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iyul oyida kutilmalar 11-12 foizgacha pasaygan bo‘lsa, avgust oyida pensiya va davlat sektorida ish haqilarining kutilayotgan oshishi va yoqilg‘i resurslarining qimmatlashishi ta’sirida 12-13 foizni tashkil qildi.
Tashqi savdo balansining yaxshilanishi va pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi ta’sirida joriy operatsiyalar hisobvarag‘i taqchilligining ham qisqarib borishi kutilmoqda. Bu esa, almashuv kursiga ehtimoliy fundamental bosimlarning kamayishiga va joriy barqaror dinamikaning davom etishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, stavka oxirgi marta 2024-yil iyul oyida o‘zgartirilgan. Keyin Markaziy bank uni 14 foizdan 13,5 foizga tushirdi.
Sharhlar