Markaziy Osiyo urban-forumi Toshkentda mintaqa va jahon meʼmorlarini bir joyga jamladi
Toshkentda Markaziy Osiyo urban-forumi yakuniga yetdi. Forum Oʻzbekiston yosh meʼmorlar birlashmasi tomonidan tashkil etildi.
Mazkur maydon yaqin va uzoq xorijlik dizaynerlar, meʼmorlar va shaharsozlarni oʻziga jalb qiluvchi markazga aylandi. Spikerlar orasida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston shaharlarining meʼmorlari, Britaniya meʼmorlari Qirollik instituti tomonidan tuzilgan “100 nafar amaliyotchi ayol meʼmor” reytingidan vakillar, yetakchi ishlab chiqaruvchi va developerlik kompaniyalar, dizayn byurolari va tegishli yoʻnalishlarda taʼlim olayotgan talabalar bor.
“Shimoliy Yevropa yoki Markaziy Amerika kabi baʼzi mintaqalarda professional aloqalar va ayol meʼmorlarning koʻzga koʻringanligi tufayli nomzodlarni topish nisbatan oson boʻldi. Biroq boshqa hududlarda yanada aniq maqsadli saʼy-harakatlar va chuqur izlanishlar talab etildi”, — deydi yozuvchi, meʼmor va Nyu-Yorkdagi Pratt instituti professori Tom Reyvenskroft. — Gʻarb ommaviy axborot vositalarida kam yoritiladigan va ingliz tilidagi meʼmorchilik adabiyotida yana ham kamroq tilga olinadigan Markaziy Osiyo mamlakatlariga alohida eʼtibor qaratdik. Asosiy qiyinchilik professional ayollarning yoʻqligida emas, balki bu sohada ularning yetarlicha koʻzga tashlanmasligi va oʻzaro hamkorlik tarmoqlarining rivojlanmaganligi edi. Mintaqada faoliyat yuritayotgan meʼmorlarga murojaat qilib, internet va ijtimoiy tarmoqlarda batafsil tadqiqotlar oʻtkazdik. Natijada, Markaziy Osiyoning beshta taniqli ayol meʼmorini topib, ularni kitobga kiritishga muvaffaq boʻldik. Bu hali ham global meʼmorchilik munozaralari eʼtiboridan chetda qolayotgan mintaqani yoritishga imkon bergan muhim yutuq boʻldi”.
Forumning asosiy muammoli kasbiy kun tartibidan tashqari, maʼruzachilarning katta qismi gender tengligi va dizayn hamda meʼmorchilikda ayollarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga eʼtibor qaratdi.
“Biz gender masalasini asosiy mavzu sifatida oldik”, — deydi Oʻzbekiston yosh meʼmorlar birlashmasi rahbari, “TataLAB” meʼmorchilik studiyasi asoschisi Taxmina Turdialiyeva. — Ehtimol, bu kimgadir ahamiyatsiz boʻlib tuyulishi mumkin, biroq qizi, xotini yoki singlisi meʼmorlik kasbini orzu qila boshlaguncha. Bizning sohamizda hali ham kamsitish va stigmatizatsiya mavjud. Shu bois taklif etilgan mehmonlar orasida isteʼdodli ayol meʼmorlar ham bor. Ularning nomlari jahon reytinglarida uchraydi. Ular qoliplarni buzmoqdalar. Men 33 yoshdaman. Shundan 15 yilim meʼmorchilikka bagʻishlangan. Bu hayotimning yarmi. Shu vaqt mobaynida Toshkent nafaqat qiyofasida, balki meʼmoriy yechimlarida ham yaxshiroq boʻlishi, shahar qulay, chiroyli va muvozanatli boʻlishi haqida oʻylayman. Har bir poytaxt qurilish bosqichidan oʻtib, kesilgan daraxtlarning ogʻrigʻini, tirbandliklar va qurilish changidan noqulaylikni his qilgan. Har bir poytaxt oʻzgarishlarning muqarrarligini biladi, ammo endi bahs-munozaralarga vaqt va kuch sarflamay, kelishuvga erishish qoʻlimizdan keladi. Konstruktiv muloqotga forumda asos solindi”.
Forumni oʻtkazish gʻoyasi texnologiyalarni oʻzgartirish va shaharlarni kengaytirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilishni talab qiladigan qurilish shiddati fonida paydo boʻldi. Bunday urbanizatsiya natijalari mehnat bozorlariga bosim, infratuzilmaning yomonlashuvi va iqlim oʻzgarishlariga zaiflashishni oʻz ichiga oladi. Masalan, Nur-Sulton, Olma-ota, Bishkek, Dushanbe va Toshkent muntazam ravishda eng yomon havo sifati boʻyicha jahon reytingida yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda. Mintaqa mamlakatlari munosib hayot sifatini taʼminlash va oʻziga xosligini saqlab qolish uchun investitsiyalar va shahar infratuzilmasini barqaror rivojlantirishga muhtoj.
Ishtirokchilar taʼkidlaganidek, Markaziy Osiyo mamlakatlari nafaqat umumiy tarix, anʼanalar va madaniyatda, balki, afsuski, shaharlar rivojlanishi, havo sifati va daraxtlarga zarar yetkazadigan shaharlardagi jadal nuqtali qurilish muammolarida ham oʻxshashdir.
“Mintaqaviy darajadagi tashabbuslar transport infratuzilmasi va shahar harakatchanligi muammolarini hal qilish uchun Markaziy Osiyo shaharlari oʻrtasidagi hamkorlikni yaxshilashi mumkin”, — dedi shaharsoz va meʼmor, “Almatigenplan” rahbari Asxat Saduov. — Birinchi navbatda, turli shahar va mamlakatlar vakillaridan iborat shaharlararo transportni muvofiqlashtirish qoʻmitalarini tashkil etish kerak. Bu ishtirokchilar oʻrtasida muloqotni yoʻlga qoʻyish va transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma strategiyalarni ishlab chiqish imkonini beradi. Qoʻshma investitsiya loyihalari ham muhim ahamiyatga ega. Yoʻllar, koʻpriklar qurish yoki jamoat transporti tizimlarini rivojlantirish kabi transport loyihalarini moliyalashtirish uchun jamgʻarmalarni tashkil etish harakatlanish va qulaylikni yaxshilashga yordam beradi. Shuningdek, tajriba va ilgʻor amaliyot almashish zarur”.
Markaziy Osiyo Urban-forumi davlat organlari, xususiy sektor va meʼmorchilik, qurilish, ekologiya hamda raqamli texnologiyalar sohasidagi mutaxassislarni ochiq muloqotda birlashtirish uchun platformaga aylandi. Ular shahar rivojlanishi muammolarini, jumladan transport infratuzilmasi, ekologiya va uy-joy masalalari, iqtisodiy taraqqiyot jihatlari, kelajak shaharlarini shakllantirish, urbanizatsiyalashgan muhitda aholi turmush sifatini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
“Avtomobillashtirish mintaqada tirbandliklar va havo sifatining yomonlashishiga sabab boʻldi”, — dedi transport siyosati va transport tizimlarini rivojlantirish masalalari boʻyicha ekspert Yelena Yerzakovich (Qozogʻiston). — Yaqinda Olma-ota aholisi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomaning natijalari shuni koʻrsatdiki, jamoat transportidan kutilayotgan natijalar boshqa shaharlarda yashovchi odamlarning javoblariga oʻxshash ekan. Eng muhim uch omil — ishonchlilik, tezlik va xavfsizlik. Zamonaviy transport siyosati odamlarga bu imkoniyatlarni taʼminlashi lozim. Odamlar daraxtlar soyasida sayr qila oladigan ʼyashil yoʻlaklarʼni saqlab qolish ham juda muhim. Ular bir tomondan shaharlarni bezatsa, boshqa tomondan toza havo generatori va changdan himoya vositasi boʻlib xizmat qiladi. Bundan tashqari, ular aholini jismoniy faollikka undaydi. Men shahar koʻchalarini piyodalar uchun moslashtirish tarafdoriman, yaʼni yoritishni yaxshilash, koʻkalamzorlashtirish, jamoat joylarini, odamlar uchrasha oladigan va muloqot qila oladigan mahalliy hududlarni koʻpaytirish kerak. Shahar va uning koʻchalari qanchalik xavfsiz boʻlsa, shaharning transport tizimi ham shunchalik qulay boʻladi, chunki bular bir-biri bilan chambarchas bogʻliq”.
Muhokamalar yakunida shaharsozlik masalalaridagi muammo va xatarlarni hal etish, Oʻzbekiston davlati, tadbirkorlar va aholisining tabiat va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlovchi meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.
Forum yakunida ishtirokchilar urbanizatsiya jarayonlarida barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish boʻyicha yakuniy deklaratsiyani imzoladilar. Unda, xususan, ishtirokchilar “Yashil tashabbus”ga qoʻshilish, shahar resurslarini boshqarishni takomillashtirish uchun innovatsion yechimlar va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda “aqlli shaharlar” konsepsiyasini ilgari surish, shahar resurslari va xizmatlaridan teng foydalanishni taʼminlagan holda inklyuziv rivojlanish tamoyillarini joriy etishga koʻmaklashish, barcha manfaatdor tomonlar oʻrtasidagi muloqotni faollashtirish niyatida ekanliklarini bildirdilar.
Sharhlar