Markirovka tizimini aksiz markalari tizimi bilan birlashtirish masalalari muhokama qilindi
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tomonidan tegishli vazirlik va tashkilot xodimlari ishtirokida markirovka tizimini aksiz markalari tizimi bilan birlashtirish masalalari muhokamasi yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqida Departament qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament, Soliq qo‘mitasi, “Davlat belgisi” DUK mutaxassislari hamda Inspeksiya xodimlari ishtirok etgan tadbirda soha mutaxassislari raqamli markirovkalash va aksiz markalarni birlashtirishda tahliliy ma’lumotlarni yig‘ish va xorijiy tajribalarni chuqur o‘rganish vazifalariga asosiy e’tiborni qaratdilar.
Ma’lumot o‘rnida, ayni paytda 4 ta iste’mol etil spirti, 37 ta alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, 144 ta ulgurji savdo va 4 365 ta chakana savdo ko‘rsatish subyektlarida raqamli markerovkadan foydalanish amaliyoti tatbiq etilmoqda.
Tadbirda ishlab chiqaruvchi korxonalarda zamonaviy texnologik imkoniyatlardan to‘liq foydalangan holda raqamli markirovkalash kodlarini va aksiz markalarni birlashtirish orqali yagona markirovkalashni tashkil etish to‘g‘risida soha mutaxassislarning taklif va mulohazalari tinglandi.
Yagona markirovkalashning asosiy maqsadi – aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish, yashirin ishlab chiqarish faoliyati va qalbaki mahsulotlarni muomalaga kiritilishining oldini olishdir. Xalqaro tajribada, ushbu mexanizmning joriy etilishi nafaqat ishlab chiqarishdan to oxirgi sotish va muomaladan chiqarilishigacha bo‘lgan jarayonni kuzatish, balki budjetga soliq tushumlarini ko‘paytirish imkonini ham kafolatlaydi.
Uchrashuv yakunida sohadagi muammolar muhokama qilinib, alkogol va tamaki mahsulotlarini sifat va talab jihatdan xalqaro standartlarga tenglash, milliy brendni rivojlantirish orqali eksport samaradorligini yanada oshirishda hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
Sharhlar