Toshkentdagi masjidlarda o‘g‘rilik qilgan shaxs 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida navoiylik I.O.ga nisbatan o‘g‘rilikka oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi O’zA.
1999-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, ayni paytda Navoiy viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan bu shaxs Toshkentdagi «Abu-saxiy» savdo markazida joylashgan jome masjidiga bomdod namozi payti kirib borgan. Masjid tahoratxonasidagi kiyim qo‘yish joyida turgan kurtkalardan birining cho‘ntagidagi 60 ming so‘m va «Samsung A24» rusumli telefon apparatini o‘g‘irlab, voqea joyini tark etgan.
Boshqa kuni esa Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidi tahoratxonasiga kirib, «Samsung A23» telefon apparatini «qo‘lga kiritgan».
Sudlanuvchi I.O. sud majlisida e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorlik bildirib, haqiqatan ham masjidlarga kirib, tahoratxonasiga ilib qo‘yilgan ust kiyimlarning cho‘ntaklaridan pul va telefon apparatlarini o‘g‘irlab olganini tan oldi. Pulni o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborganini, telefon apparatlarini esa har birini 500 ming so‘mdan sotib yuborganini ma’lum qildi.
Ayblanuvchi sud jarayonida aslida masjidga namoz o‘qish uchun borganini, lekin tahoratxonada hech kim yo‘qligidan foydalanib, o‘g‘rilik qilganini, shundan keyin namoz o‘qimay masjiddan chiqib ketganini aytar ekan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini, yengilroq jazo tayinlashni, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplab berishini aytdi.
Jabrlanuvchilar Z.Yo. hamda Sh.S. suddan sudlanuvchiga nisbatan qonuniy jazo berishni so‘radi.
Sud I.O.ga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda, jinoyatlarni g‘arazli maqsadlarda sodir etganini jazoni og‘irlashtiruvchi holat, deb topdi. Aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini esa jazoni yengillashtiruvchi holat, deb baholadi. Sud hukmiga ko‘ra, I.O.ga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud jarayonida ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararlar masalasi muhokama qilindi. Sudlanuvchi I.O.dan jabrlanuvchi Z.Yo. foydasiga 2 million 783 ming so‘m, jabrlanuvchi Sh.S. foydasiga 1,5 million so‘m undiriladigan bo‘ldi.
Sharhlar