Maymun chechagiga qarshi vaksina JSSTning kvalifikatsiyasidan o‘tdi
Daniyaning “Bavarian Nordic A/S” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan MVA-BN vaksinasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dastlabki kvalifikatsiyasidan o‘tgan maymun chechagiga qarshi birinchi emlash vositasi bo‘ldi. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mazkur vaksina 18 yoshdan oshgan insonlarga mo‘ljallangan. Uni to‘rt haftalik tanaffus bilan, ikki dozada, in’eksiya tarzida qabul qilish mumkin.
Emlash vositasini muzlatkichda saqlash belgilangan. Tashqi muhitda esa vaksina 2-8 daraja iliq haroratda sakkiz haftagacha o‘z ta’sir kuchini yo‘qotmaydi.
Ma’lumot uchun, mpox (maymun chechagi) virusi so‘nggi oylarda yana global xavf omiliga aylangach, avgust o‘rtalarida ushbu epidemiya Afrika mintaqasida favqulodda holat, deb e’lon qilingan edi.
Sharhlar