Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, nogiron, yetim, ijtimoiy himoya reyestridagi talabalar 20-avgustdan yotoqxonaga joylashtiriladi

Foto: kun.uz

Oliy taʼlim muassasalarida yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari, Oliy taʼlim kengashi raisi Odil Abdurahmonov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov hamda respublikaning yirik oliygohlari rektorlari ishtirok etdi.

Muloqot shaklida tashkil qilingan anjumanda Prezident tomonidan oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan ishlar sarhisob qilindi.

Joriy oʻquv yilida qabul jarayonlari yangi tartib – “avval test, keyin tanlov” tamoyili asosida tashkil etildi. Shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari 40 foizga, magistratura mutaxassisliklari 15 foizga maqbullashtirildi hamda yangilangan Klassifikator tasdiqlandi.

Yigʻilishda taʼlim jarayonini sifatli tashkil etish, talabalarni yotoqxonalarga oʻz vaqtida joylashtirish, yangi adabiyotlar bilan taʼminlash kabi muhim vazifalar muhokama qilindi.

Xususan, TOP-500 talikka kirgan xorijiy oliygoh bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini kengaytish, oʻquv yuklamalarni maqbullashtirish, professor-oʻqituvchilar tarkibini qayta koʻrib chiqish, xorijiy adabiyot tarjimalarini oliygohlarga yetkazish, oliygohning moddiy-texnika bazasini taʼlim jarayonini boshlashga tayyor holatga keltirish, talabalar turar joylarini taʼmirlash ishlarini yakunlash boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, 2024-yil 15-avgustdan boshlab, har bir oliygohda Talabalar turar joylariga va ijara xonadonlariga koʻmaklashish markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, nogiron, yetim, ijtimoiy himoya reyestridagi talabalarni 20-avgustdan boshlab yotoqxonaga joylashtirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.