Meksikada parranda grippidan birinchi o‘lim holati qayd etildi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti chorshanba kuni Meksikada H5N2 parranda grippidan o‘lim holatini tasdiqladi. Bu dunyodagi laboratoriya tomonidan tasdiqlangan birinchi holat sanaladi.
Virusdan vafot etgan 59 yoshli fuqaro parranda va boshqa hayvonlar yaqinida bo‘lmagan. 17-aprel kuni bemorda isitma, ko‘ngil aynishi, ich ketishi, nafas qisilishi, umumiy holsizlik kuzatilgan. 24-aprel kuni u Meksikadagi Nafas olish kasalliklari milliy institutiga yotqizilgan va shu kuni vafot etgan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bemorning yaqinlari uning qo‘shimcha kasalliklari borligini ma’lum qilishgan: unga avval surunkali buyrak kasalligi, 2-toifa qandli diabet va gipertoniya tashxisi qo‘yilgan.
Tekshiruv natijalari shuni ko‘rsatdiki, bemor H5N2 kichik tipdagi parranda grippi bilan kasallangan bo‘lib, ilgari odamlarda qayd etilmagan.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, tibbiyot xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida yangi holatlar qayd etilmagan. Barcha kontaktlar H5N2 grippi va COVID-19 uchun salbiy sinovdan o‘tgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy aholi uchun infeksiya xavfi past. Bu shtamm hozirda Qo‘shma Shtatlarda chorva mollari orasida tarqalayotgan parranda grippining “H5N1” shtammidan farq qiladi va Texas va Michigandagi uchta sut fermalarida qayd etilgan.
Sharhlar