O‘zbekistonda 1-avgustdan metan gaz narxi o‘zgardi
Bugun, 1-avgustdan “metan” gaz uchun belgilangan eng baland chakana narxning (3 750 so‘m) amal qilish muddati tugadi, deb yozadi davletovuz o‘z blogida.
Hukumat tarafidan 2023-yil oktabrdan metan gaz uchun eng yuqori narxlar o‘rnatib kelinayotgan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, aksariyat joylarda, jumladan, Toshkentda hali narxlar o‘zgarmagan. Lekin joylardagi ayrim “metan zapravka”larda narx 3950 – 4250 so‘mgacha oshgani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda propan narxi ko‘tarilgani ta’kidlanmoqda. 5800-6200 so‘mgacha.
“Kun.uz” yozishicha, 2024-yil 25-may kuni Vazirlar Mahkamasining metan gaz uchun belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi qarori qabul qilingandi.
Maskur qaror bilan 2024-yil 1-iyundan 1-avgustgacha avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida bir kub metr metan gazning eng baland narxi 3750 so‘m qilib belgilangandi. Ushbu muddat tugagani sababli respublikaning turli hududlarida metan narxi 3950 so‘mdan 4250 so‘mgacha qimmatlashgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yil sentabrda qabul qilingan hukumat qarorida 6 oy davomida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida metan gaz narxi 3250 so‘mdan oshib ketmasligi belgilangandi. Ushbu davr tugashi munosabati bilan 1-apreldan bir kub metr uchun maksimal narx 3250 so‘mdan 3350 so‘mgacha oshiririlib, imtiyozli davr yana ikki oyga uzaytirilgandi. 1-iyundan esa eng baland narxi 3750 so‘m etib belgilanib, uning amal qilish muddati 31-iyulgacha uzaytirilgandi.
Sharhlar