“Metan narxini bozor belgilaydi” — bosh vazir matbuot kotibi
1-avgust kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Prezident topshirig‘iga binoan vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb yozadi “Gazeta.uz” hukumat rahbari matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovga tayanib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda “metan narxining yuqori chegarasini” bekor qilish masalasi muhokama qilindi, endilikda davlat bu sohada narx belgilashga aralashmaydi.
Bosh vazir Prezidentning Raqobat qo‘mitasi, Bosh prokuratura va Energetika vazirligiga gaz, jumladan, propan quyish shoxobchalari o‘rtasida raqobat muhitini yaratish orqali narxlarning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlarini e’lon qildi.
“Davlatning narxlarni tartibga solishga aralashuvi raqobat muhitining buzilishiga olib keldi. Shu sababli narxlarning yuqori chegarasi bo‘lmaydi, narxlarni bozor belgilaydi. Raqobat qo‘mitasi va Bosh prokuraturaga narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha prezident topshirig‘i berildi. Bu xuddi non va g‘alla narxlarini liberallashtirish misolida bo‘lgani kabi amalga oshiriladi”, — dedi Bekzod Hidoyatov.
Bosh vazir matbuot kotibining aytishicha, tadbirkorlarga narx belgilashda erkinlik berish “xohlagan ishni qilish imkoniyatini anglatmaydi”. To‘rtta sektor rahbarlari narxlarning sun’iy ravishda bir necha barobar oshirilmasligini ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 1-avgustdan “metan” gaz uchun belgilangan eng baland chakana narxning (3 750 so‘m) amal qilish muddati tugadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yozilishicha, aksariyat joylarda, jumladan, Toshkentda hali narxlar o‘zgarmagan. Lekin joylardagi ayrim “metan zapravka”larda narx 3950 – 4250 so‘mgacha oshgani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda propan narxi ko‘tarilgani ta’kidlanmoqda. 5800-6200 so‘mgacha.
Sharhlar