Metan zapravkalari mahalliy hokimliklar reja-grafigi nazorati ostida ishlamoqda
Metan zapravkalar ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi.
“29 yanvar kuni elektr stansiyalar orqali jami 243,7 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 3 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 42,9 mln kubometr tabiiy gaz, 24,7 ming tonna ko‘mir hamda 10,1 ming tonna mazut yoqildi. Respublika iste’molchilariga 230,6 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Tabiiy gaz iste’moli 157,3 mln kubometrni tashkil qildi”, – deyiladi xabarda.
Kecha mamlakatdagi 1 325 ta metan zapravka orqali iste’molchilarga 11,8 mln kubometr tabiiy gaz sotildi. Avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali 700 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.
Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 29 yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 3 517 tonna avtobenzin yetkazib berilgan.
Sharhlar