Microsoft va Amazon Rossiya kompaniyalari uchun o‘z “bulutli” mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini to‘xtatadi
Amerikaning Microsoft va Amazon kompaniyalari 2024-yil 20-martdan boshlab Rossiya kompaniyalari uchun o‘z “bulutli” mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini yopadi. Bu haqda Rossiyaning Softline kompaniyasi ma’lum qilgan, unga tegishli bildirishnoma kelgan.
Softline’dagilar aytishicha, kompaniyalar o‘zlarining bunday qarorini Yevroittifoqning 2023-yil 19-dekabrdagi 12-sanksiyalar paketi bilan izohlagan, unga muvofiq, “Rossiyaga har xil dasturiy ta’minot turlarini yetkazib berishga cheklov kiritilmoqda”.
“Bizga huquq egalaridan kelib tushgan axborotga ko‘ra, 2024-yil 20-mart kuni Microsoft va Amazon Power Bi, Dynamics CRM kabi bulutli mahsulotlardan foydalanish imkoniyatini to‘xtatadi. Cheklov ushbu mahsulotlarni o‘z ichiga oluvchi bulutli yechimlarga ham tegishli bo‘lishini kutyapmiz. Bu shuni bildiradiki, ushbu sanadan boshlab bu mahsulotlardan foydalana olmaysiz yoki ulardagi ma’lumotlarga kira olmaysiz”, — deyiladi xabarda.
“RBK”ning IT-bozordagi manbasi ushbu axborotni tasdiqladi, shuningdek, tijorat sohasidagi ko‘p sonli kompaniyalar Microsoft mahsulotlaridan foydalanishda davom etib kelganini qayd etdi. “Menga tanish buyurtmachilardan biri bir hafta avvalroq Microsoft vakillari bilan uchrashgani haqida gapirib bergandi, ular hech narsa o‘chirilmaydi deb kafolat bergan. Xarid sxemalari turlicha bo‘lgan, ammo ularni ommaga oshkor qilish kerak emas”, — dedi u.
Sharhlar