Milliy tibbiyot markazi xalqaro ISO sertifikatiga ega bo‘ldi
Milliy tibbiyot markaziga ISO 9001:2015 xalqaro sifat standartlarini joriy etganligi munosabati bilan ASTRAIA Certification, s.r.o. tashkiloti tomonidan maxsus sertifikat topshirildi.
Markaz shu yil boshida ishga tushirilgan bo’lib, u 500 o‘ringa mo‘ljallangan. Majmuada 200 ga yaqin turdagi 1000dan ziyod tibbiy asbob-uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, ambulator va statsionar tartibda 200dan ortiq tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Bu yerda yiliga 6 mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati yaratilgan.
Tibbiyot muassasasi Xitoy, Hindiston, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi qator xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Ma’lumot uchun, ISO 9001 sifatni yaxshilash va mijozlarning talablariga javob berishda xalqaro e’tirof etilgan standart bo‘lib, markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Sharhlar