OTMlarga kirish uchun minimal o’tish bali o’zgarmasdan qoldirildi
Davlat qabul komissiyasi tegishli bayoni bilan 2024-2025-oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga minimal o‘tish ballari tasdiqlandi.
Unda ko‘ra:
- davlat granti boʻyicha minimal oʻtish bali – 68,0 ball (maksimal 189,0 ballning 36%);
- toʻlov-kontrakt boʻyicha minimal oʻtish bali – 56,7 ball (maksimal 189,0 ballning 30%) etib belgilandi.
Mazkur minimal balni to’play olmagan abituriyentlar oliy ta’lim muassasalari uchun tanlovda ishtirok etmaydi.
Bundan avval Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo’ng’irotboy Sharipov joriy yildan boshlab minimal ball oshirilishi haqida xabar “O’zbekiston 24” telekanali orqali ma’lum qilgan edi.
Vazirning so’zlariga ko’ra, joriy yilgi, ya’ni 2024-2025- o’quv yili uchun o’tish ballari:
- sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun – 75,6 ball;
- boshqa yo‘nalishlar uchun – 66,5 ball etib belgilanishi kerak edi.
Ammo joriy yil OTMlarga kirish uchun minimal o’tish bali o’zgarmasdan qoldirildi.
Avvalroq, 345 ming ya’ni 46,9 foiz abituriyent 56,7 ball ham to‘play olmaganligi haqida xabar bergan edik.
Sharhlar