Mirobodda mehmonxona yondi

Foto: videodan qirqib olingan

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Mirobod tumani hududida joylashgan mehmonxonada yong‘in chiqqani haqida xabarlar va videolar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, bugun, 16-oktyabr kuni soat 17:17 da Toshkent shahar, Mirobod tumani, Shaxrisabz ko‘chasida, qurilish olib borilayotgan binoda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Toshkent shahar FVBga xabar tushgan.

Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 17:24 da voqea joyiga yetib borib, hozirda yong‘inni o‘chirish ishlari amalga oshirilmoqda.

“Voqea joyiga Toshkent shahar FVB va Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyatidan ma’sullar chiqqan. Hozirda etilgan manzilda tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmadi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 13 oktyabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan “Universam” bozori orqasidagi yangi qurilgan uyda yong‘in yuzaga kelgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.