“Qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanadi”. Shahnoza Mirziyoyeva Samarqandda o‘smir bola zanjirlangani yuzasidan munosabat bildirdi
Samarqandda Damas avtomashinasida o‘smir bola oyoqlari zanjirlangan holatda topilgani yuzasidan Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva munosabat bildirdi.
“15-mart kuni Samarqandda yuz bergan voqeaga ishonish qiyin bo‘lsa-da, har qanday muammoning yechimi uni qabul qilishdan boshlanishini tushunishimiz kerak. Majburiy ravishda kishanband qilingan o‘smirga malakali psixologlar tomonidan zarur yordam ko‘rsatilmoqda, ayni paytda uning salomatligiga hech narsa tahdid solayotgani yo‘q”, — deb yozadi u.
Qayd etilishicha, qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Jamoatchilikni larzaga keltirgan bu hodisa ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga barham berish uchun hali yetarli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Qolaversa, bu qonunbuzarlik barchamiz uchun muborak Ramazon oyida sodir etilgani kishini battar qayg‘uga soladi.
Yurtimizda birorta ham voyaga yetmagan shaxs bunday holatga tushib qolmasligi uchun jamiyatimizda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishi yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz.
Kezi kelganda aytishim kerakki, mazkur jinoyat fosh bo‘lishiga hissa qo‘shgan, o‘z vaqtida ichki ishlar organlariga xabar bergan hushyor va g‘amxo‘r jamoatchilik vakillaridan chin dildan minnatdorman. Ularning yordami bilan o‘smir uchun yanada ayanchliroq zo‘ravonliklarga duchor bo‘lishining oldi olindi”, — deyiladi bayonotda.
Mirziyoyeva Samarqandda ro‘y bergan voqea Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nazoratga olinganini ta’kidladi. “Biroq biz quruq bayonot bilan cheklanib qolmay, jabrlanuvchining sog‘lomlashtirilishi, ta’lim olishi va normal sharoitda yashashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatamiz. Kim bo‘lishidan qat’i nazar qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanishiga ishontirib qolaman”, — deya yakunlanadi bayonot.
Sharhlar