Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi keng nishonlanadi
Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida prezident qarori imzolandi.
Unga muvofiq, 2024-yilda Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi keng nishonlanadi.
Mamlakatdagi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq obyektlar, shu jumladan, Mirzo Ulug‘bek sharafiga barpo etilgan yodgorlik majmualari mukammal ta’mirlanadi va ularning hududi obodonlashtiriladi.
Alloma ilmiy-ijodiy merosiga mansub qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklar restavratsiya qilinadi, ishonchli saqlash uchun zarur sharoit yaratiladi.
Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligiga bag‘ishlab «Jahon tamadduni rivojida Mirzo Ulug‘bek ilmiy-ma’rifiy merosining o‘rni va ahamiyati» mavzusida ilmiy-adabiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Davlat teatrlari va talabalar teatr-studiyalarida Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyatiga oid spektakllar sahnalashtiriladi.
Samarqand shahrida 10-11-oktabr kunlari «Mirzo Ulug‘bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi» mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Mirzo Ulug‘bekning «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida, «To‘rt ulus tarixi» nomli tarixiy asarining o‘zbek tiliga tarjimasi qayta nashr qilinadi.
Mirzo Ulug‘bek hayoti va ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkaziladi.
Sharqshunoslik institutida Mirzo Ulug‘bek davriga oid asarlar qo‘lyozmalarining ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Ulug‘bek haqida yaratilgan «Osmon toqiga qo‘yilgan narvon» nomli hujjatli film taqdimoti o‘tkaziladi.
Sharhlar