Modulli mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratiladi
Hukumat Qarori (572-son, 13.09.2024-y) bilan “Modulli mehmonxonani qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, subsidiya 2024-yil 1-oktabrdan 2026-yil 1-noyabrgacha muvofiqlik sertifikati berilgan yangi tashkil etilgan hamda kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxona uchun uning toifasidan qat’i nazar ajratiladi.
Subsidiya modulli mehmonxonada yaratilgan har bir joy uchun 1 mln so‘mdan belgilanadi.
Tadbirkor subsidiya olish uchun ariza taqdim etish vaqtida quyidagi talablarga javob berishi lozim:
— soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi;
— qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi;
— faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lmasligi;
— sud qarori asosida to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilingan bo‘lmasligi;
— modulli mehmonxonaga berilgan muvofiqlik sertifikati hamda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat mavjudligi.
Subsidiya olish uchun tadbirkor davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali Turizm qo‘mitasiga belgilangan shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
Qo‘mita ariza kelib tushgan kundan 15 ish kunida uning Nizomda belgilangan talablarga muvofiqligini joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqadi.
Qo‘mita arizani o‘rganib chiqib, 1 ish kunida subsidiya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda qarorning elektron nusxasini qaror qabul qilingan kundan e’tiboran 1 ish kunida ariza beruvchiga yuboradi.
Nizom 2024-yil 1-oktabrdan 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.
Sharhlar