Moskvada uch nafar o‘zbekistonlik “Match TV” telekanali xodimini zo‘rlaganlikda gumonlanib qo‘lga olindi
Moskva politsiyasi uch nafar o‘zbekistonlik yigitni “Match TV” xodimini zo‘rlaganlikda gumon qilib qo‘lga oldi. Bu haqda Mediazona xabar bermoqda.
Nashr ma`lumotlariga ko‘ra, qizga tajovuz 6-iyul kuni soat 02:30 da, u ishdan qaytayotgan, Ostankino ko‘li yonidan o‘tayotganda sodir bo‘lgan.
Oradan 40 daqiqa o‘tib, 24 yoshli Muxriddin ismli O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Keyinroq politsiya VDNH metro bekati yaqinida qolgan gumondorlar – 25 yoshli Bunyod va 22 yoshli Javoxirni topadi.
Xorijlik fuqarolarga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan zo‘rlash jinoyati bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.
Match TV bu faktni tasdiqladi, biroq ma’lumot berishdan bosh tortdi. “Biz jabrlanuvchi bilan aloqadamiz va unga har tomonlama zarur yordam ko‘rsatmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qilgan sport kanali xodimlari.
Voqea haqida Match TV telekanalining sobiq rahbari Tina Kandelaki izoh berdi. “Menimcha, bunday vahshiylar uchun jazo imkon qadar qattiq bo‘lishi kerak. Ular mamlakatimizga ishlash uchun, ko‘pincha noqonuniy yo‘llar bilan kelib, qizlarimizni zo‘rlashga qurbi yetadi, deb o‘ylamasin”, — deb yozadi jurnalist.
Sharhlar