O‘zbekistonda suv havzalarida motorli transport vositalari harakatiga ruxsat beriladi
2025-yil 1-maydan boshlab tabiiy va sun’iy suv havzalarida faqat tezlikni avtomatik pasaytirish uskunasi bilan jihozlangan (harakatlanish maksimal tezligi 40 kilometr/soatdan oshmaydigan motorli qayiqlar bundan mustasno), GPS uskunasi o‘rnatilgan hamda milliy GPS monitoring va navigatsiya tizimiga ulangan motorli va elektromotorli suv transport vositalaridan foydalanishga ruxsat etiladi. Bu “Suv havzalarida motorli (ichki yonuv dvigatelli) va elektromotorli suv transporti vositalaridan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarorida ko‘zda tutilgan.
Bunga suv havzalarida turizm xizmatlarini rivojlantirish, shuningdek, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va xavflisizligini ta’minlash hamda suv resurslari ifloslanishining oldini olish, ulardan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida qaror qilindi.
Suv transport vositalarining ruxsat etilgan harakatlanish maksimal tezligi 40 kilometr/soat, kemalar to‘xtash joylari hamda aholi turar joylari chegaralarida — 20 kilometr/soat, plyajlar va aholining ommaviy dam olish joylari chegaralarida esa — 5 kilometr/soat etib belgilanadi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan suv transporti vositalaridan (bundan elektromotorli suv transporti vositalari mustasno) foydalanish natijasida atrof -muhit ifloslantirilgani uchun quyidagi miqdorda yillik kompensatsiya to‘lovlari undiriladi:
- motorli qayiq va gidrosikllar uchun BHMning 10 baravari;
- kater uchun BHMning 15 baravari;
- yaxtalar uchun BHMning 25 baravari.
Motorli suv transporti vositalari kompensatsiya to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganidan so‘ng yillik texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Kompensatsiya undirishdan tushgan mablag‘lar Ekologiya jamg‘armasiga o‘tkaziladi va suv havzalari ifloslanishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga sarflanadi.
Sharhlar