O‘zbekistonda “maymun chechagi” tarqalishining oldini olish chora-tadbirlari boshlab yuborildi

Foto: O‘zA

14-avgust kuni JSST Afrikada tarqalayotgan “maymun chechagi”ning “Clade 1b” shtammining yangi to‘lqini tufayli, sog‘liqni saqlash bo‘yicha favqulodda holat deb e’lon qildi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, yurtimizga ushbu kasallik kirib kelishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, kasallikning chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasida xalqaro aeroportlarda, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari orqali chegara kesishgan joylarda sanitariya nazorati punktlari mutaxassislarining hushyorligi oshirildi. Mutaxassislar “maymun chechagi” kasalligining etiologiyasi, klinikasi, epidemiologiyasi va profilaktikasi bo‘yicha uslubiy qo‘llanma asosida o‘qitildi.

Shuningdek, shifo-o‘rinlari, zarur dori vositalari zaxirasi tashkil etildi. Kasallikka chalingan bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni 21 kun mobaynida tibbiy kuzatuvini tashkil etish belgilab olindi.

Eng muhimi, kasallikni laborator aniqlash uchun test-diagnostikum zaxirasi yaratilmoqda.

Ma’lumot uchun, shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, “maymun chechagi” virusli infeksiya bo‘lib, odamlarga, ifloslangan narsalar yoki kasal hayvonlar bilan muloqot va jinsiy muloqot orqali yuqishi mumkin.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.