Muhandislarning 60 foizi o‘zi o‘qigan yo‘nalishida ishlamayapti
Prezident yig‘ilishda sohadagi muammo va yechimlarga to‘xtalib o‘tdi.
Mamlakatda yiliga 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilib, ularda 150 ming atrofida ish o‘rni yaratilmoqda. Shundan 35 mingtasi texnika yo‘nalishida.
Hozirda 36 ta davlat oliygohida ushbu yo‘nalishda 264 ming bakalavr, 3 ming magistr o‘qimoqda. Yiliga 67 ming nafar talaba bitirmoqda.
Lekin, texnika oliygohlarida yo‘nalish va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talablariga mos emas. Masalan, Davlat texnika universitetidagi 76 ta bakalavr yo‘nalishidan 45 tasi, 73 ta magistratura mutaxassisligidan 51 tasi bugungi kunda yetakchi xorijiy texnika oliygohlarida o‘qitilmaydi.
Oqibatda muhandislarning 60 foizi o‘zi o‘qigan yo‘nalishida ishlamayapti.
Davlat rahbari bu borada yana bir misolni keltirdi.
Joriy yilda to‘qimachilikda 776 ta loyiha amalga oshirilib, 72 ming ish o‘rni yaratiladi. Shundan 4 mingta muhandisga talab bor.
Lekin, bu yil muhandislik oliygohlarini “yengil sanoat konstruksiyasi” yo‘nalishida Buxoroda – 86 nafar, Jizzaxda – 117 nafar, Surxondaryoda – 56 nafar, Farg‘onada – 126 nafar, Toshkent shahrida bor-yo‘g‘i 153 nafar talaba bitirmoqda.
Hokimlar o‘z hududida aniq mutaxassisga shuncha ehtiyoj bo‘la turib, rektorlar bilan ishlamayotgani, oliygohlarga buyurtma bermayotgani tanqid qilindi.
Sharhlar