Namangandagi qamoqxonada mahkum o‘zini osib qo‘ydi
23-may kuni Namangan viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan 2000-yilda tug‘ilgan mahkum (Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi “Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish” bilan sudlangan) ishlab chiqarish sexi xududida o‘zini-o‘zi osib, vafot etgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
Murdani ko‘zdan kechirish davomida bo‘yin sohasida strangulyatsion egatdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan.
Holat yuzasidan Pop tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda marhumning onasi tomonidan o‘g‘lining tanasida qiynoq izlari borligi qayd etilgan xabar tarqatgani sababli mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nazoratiga ham olingan.
Ombudsman axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, holat Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga borib o‘rganilmoqda.
O’rganish yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Sharhlar