Namanganda bir oilaning 3 nafar a’zosi o‘ldirildi

Foto: aniq.uz

Namangan viloyatining Pop tumanida bir oilaning uch nafar a’zosi — ona va uning ikki nafar farzandi pichoqlab, o‘ldirilgan. Bu haqidagi xabarni Bosh prokuratura axborot xizmati tasdiqlagan.

Xabarga ko‘ra, “qotillikni sodir etgan shaxs marhumlarga qarindosh bo‘lgan. Qaynaka o‘g‘li bilan ukasining xotini va 17, 14 yoshli jiyanlarini pichoqlab o‘ldirgan. Muammoga yer talashish sabab bo‘lgan”.

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, voqea joyida oilaning yana bir a’zosi, marhum ayolning qizi ham bo‘lgan. “Pichoqlashish voqeasi sodir bo‘lgach, qiz qo‘rqib, yashiringan. Bo‘lmasa, uni ham o‘ldirishar edi”, – deyilgan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, voqea 9-avgust kuni soat 21:40 larda sodir bo‘lgan.

“Pop tumanining “Boyon” MFY, Boyon-3 ko‘chasida yashovchi fuqaro M.A. ismli ayol qarindoshining yashash xonadoniga borib, avvaldan mavjud bo‘lgan mulkiy nizo sabab u bilan janjallashib qolgan. M.R. ayol qarindoshi va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandini pichoq bilan qasddan urib o‘ldirib, voqea joyidan yashiringan”, – deyiladi mas’ullar izohida. 

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur holat yuzasidan2024-yilning 10-avgust kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.