Ashxobodda Alisher Navoiy haykali o‘rnatildi
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i majmuasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O’zA.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etgan tadbir doirasida buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilishi ham tashkil etildi.
Qayd etish joiz, bog‘ning markaziy qismi – Maxtumquli Firog‘iy yodgorligidir. Yodgorlik jahonga mashhur yozuvchilarning 24 haykalini birlashtirgan yangi madaniyat va istirohat bog‘i majmuasining markaziy qismiga aylandi.
Maxtumquli yodgorligi atrofida jahon adiblari va atoqli shaxslarining haykallari o‘rnatildi. Jumladan, majmuada Onore de Balzak, Iogan Volfgang Gyote, Rabindranat Tagor, Uilyam Shekspir, Fyodor Dostoyevskiy, Dante Aligeri, Sayat-Nova va boshqa ko‘plab dunyo adabiyotining yorqin vakillari mahobatli haykallari qad ko‘targan. Alisher Navoiyning haykali ham endi atoqli shaxslar qatoridan joy oldi.
Sharhlar