Navoiy viloyatida 2025-yilni “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilish taklif etildi

Foto: prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Navoiy viloyatida 2025-yilni “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.

Majlisda Navoiy viloyati ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishi, O‘zbekistonning ma’naviy brendiga aylanishi zarurligi ta’kidlandi, – deyiladi Prezident matbuot xizmatining xabarida.

2017-yil Andijon viloyatida “Bobur yili” deb e’lon qilinib, shu asosda qator ishlar amalga oshirilgan edi. Prezident shunday tajribani Navoiy viloyatida ham qo‘llab, 2025-yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.

Bu yil doirasida “Hazrat Navoiyni anglash — o‘zligimizni anglash” mavzusida prezident sovg‘asi uchun respublika tanlovi tashkil etiladi. Har bir mahalla, maktab, oliygohlar va mehnat jamoalarida “Navoiyxonlik kechalari” o‘tkaziladi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida Navoiyga atab yangi bog‘lar, xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etiladi.

Quriladigan Yangi O‘zbekiston bog‘ida Alisher Navoiyga bag‘ishlab memorial muzey tashkil etiladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.