Navoiyda “Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — vatanmiz!” bayram tantanalari o‘tkazildi
Navoiy shahridagi Alisher Navoiy markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida gala-konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab tadbirda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, o‘z ma’ruzasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga to‘xtatilib o‘tdi.
Xususan, viloyatda so‘nggi uch yilda 7939 ta xonadondan iborat 124 ta yangi ko‘p qavatli uy-joylar qurilib foydalanishga topshirilgan.
Birgina, 2024 yilda viloyatimizda jami 4000 xonadonli 58 ta uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 1020 xonadonli 20 ta uy-joylar foydalanishga topshirildi va qariyb 5 ming nafar aholi yangi uy-joylar bilan ta’minlandi.
Xususan, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 200 xonadondan iborat bo‘lgan 8 ta ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi.
Xatirchi, Nurota, G‘azg‘onda ilk bor ko‘p qavatli, zamonaviy uylar qad ko‘tarmoqda.
Shuningdek, toza ichimlik suv Navoiy uchun o‘ta dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Oxirgi uch yil mobaynida aholining markazlashgan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 1539,3 km yangi ichimlik suv tarmoqlari tortildi.
Buning natijasida 70 ta mahallalarda yashovchi 152 ming nafardan ortiq aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanib, 15 ta mahalladagi 36 ming nafardan ortiq aholining ta’minoti yaxshilangan.
“Yo‘l qurmoq savob, yo‘l yurmoq rohat” deydi dono xalqimiz…
Bu yo‘nalishda qilingan ishlarimiz ham anchagina salmoqli. Viloyatda so‘nggi 3 yil davomida jami 2729 km, shundan 1376 km asfalt, 1242 km shag‘al qoplamali va 112 km sementbeton qoplamali avtomobil yo‘llari qurildi.
Ayniqsa, aholini uzoq yillardan bo‘yon qiynab kelayotgan muammolardan hisoblangan ichki yo‘llarni qurish-ta’mirlash borasida jami 1718,7 km uzunlikdagi yo‘llarda qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari olib borildi.
Buyuk shoirimiz Abdulla Oripovning “Hech qachon o‘chmasin yongan chirog‘ing” degan misralari bor.
Aholimizning xonadonlarida doim chiroq yonib turishi uchun 2022-2024 yillarda elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 1669,7 km elektr uzatish tarmoqlari, 3 dona podstansiya hamda 382 dona transformator punktlari yangidan qurildi.
Viloyatimizda 2022 yilda birinchilardan bo‘lib quvvati 100 MVtli bo‘lgan quyosh stansiyasi qurilgan bo‘lsa, 2024 yilda Tomdi tumanida qurilayotgan quvvati 500 MVtli shamol elektr stansiyasining 300 MVt qismi ishga tushirildi. Ushbu stansiyalar orqali yiliga o‘rtacha 300 mln kVt*soat elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.
Shuningdek, viloyatimizda so‘nggi uch yilda jami 154 ta, shundan 29 ta oilaviy shifokorlik punkti, 2 ta oilaviy poliklinika hamda 123 ta mahalla tibbiyot punktining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 300 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat yaqinlashtirildi.
Viloyatimiz va Respublikamizning taniqli xonandalari bayram shodiyonalarida aholiga o‘zgacha kayfiyat bag‘sh etdi. Minglab yurtdoshlarimiz ishtirok etgan ushbu tadbirda ajoyib mushakbozlikning ham guvohi bo‘lishdi. Ayni paytda bayram tantanalari viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Sharhlar