Navoiyda “Ustozlar milliy forumi” – “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida o‘tkazildi

“Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida bo‘lib o‘tgan “Uchinchi ustozlar milliy forumi”da Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, tadbirda jam bo‘lgan 450 nafarga yaqin o‘qituvchilar orqali viloyatimizdagi barcha pedagoglarni mustaqilligimizning 33 yilligi bayrami, shuningdek “Bilimlar kuni” munosabati bilan qutladi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Anhor.uz’ga ma’lum qildi.

Viloyat rahbari o‘tgan o‘quv yili davomida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida erishilgan yutuqlar haqida to‘xtalib, viloyatdagi 367 ta maktabda 21077 nafar o‘qituvchi va murabbiylar 187656 nafar o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berayotganligi, ulardan 3555 nafari oliy toifali ustozlar ekanligini alohida ta’kidladi.

Tadbirda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan, fidoiy, tashabbuskor va ijodkor, faoliyati davomida munosib natijalarga erishayotgan 50 nafar pedagoglar viloyat hokimligining Tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek faxriy o‘qituvchilarning mehnatlari e’tirof etilib, ularga viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining Tashakkurnomasi va sovg‘alari topshirildi.

Taqdirlash marosimi yakunida ko‘p yillar davomida ta’lim tizimi rivojiga munosib xissa qo‘shgan faxriy ustozlar so‘zga chiqib, ta’lim-tarbiya sohasidagi yangiliklar, imkoniyatlar, ustozlar maqomining ulug‘lanayotganligi haqida, o‘qituvchining el-yurt va yosh avlodlar oldidagi sharafli vazifasi to‘g‘risida mamnuniyat bilan gapirdi.

“Uchinchi ustozlar milliy forumi”da ta’lim sohasidagi muvaffaqiyatlar e’tirof etildi hamda istiqbol rejalar belgilab olindi.

Yangi o‘quv yili arafasida o‘tkazilgan tadbir barcha ishtirokchilar qalbida o‘chmas va yorqin taassurotlar qoldirdi. Ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga yanada  ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.