Nimaga erkaklar va ayollar turlicha bosh miya kasalliklariga chalinadi
Neyrobiologlar va xulq-atvor bo‘yicha mutaxassislar guruhi qaror qabul qilish, xotira va hissiyotlar bilan bog‘liq sohalarda erkak va ayollarning miyasi o‘rtasidagi farqlarni aniqladilar.
Tadqiqot davomida olimlar jamoasi nima uchun erkaklar va ayollar turli xil bosh miya kasalliklariga ko‘proq moyilligini yaxshiroq tushunish uchun 1000 dan ortiq miya tasvirlarini solishtirdilar.
Avvalgi tadqiqotlar shuni ko‘rsatgandiki, qizlarga qaraganda o‘g‘il bolalarga ulg‘ayishi davomida uch baravar ko‘proq autizm tashxisi qo‘yiladi va ularda DEGS (diqqat yetishmasligi va giperfaollik sindromi) bilan kasallanish ehtimoli ikki baravar yuqori. Ayolarda esa yosh o‘tgan sari tashvishga tushish yoki kayfiyat buzilishi erkaklarga qaraganda deyarli ikki baravar ko‘p hollarda uchraydi.
Ruhiy salomatlik bo‘yicha mutaxassislarni nima uchun bunday tafovutlar borligi yillar davomida o‘ylantirib keladi va aksariyat olimlar bu jinslar o‘rtasidagi miyadagi fiziologik farqlar bilan bog‘liq deb taxmin qilishadi. Tadqiqot guruhi bunday farqlarning dalillarini topdi.
Erkak va ayollar miyasidagi ehtimoliy farqlarni aniqlash uchun tadqiqotchilar miya holati va undagi o‘zgarishlarni diqqat bilan o‘rgandilar.
So‘ng ayol va erkaklar miyasi MRT-skanerlarini tahlil qilib, miya mikrotuzilmasidagi farqlarni izladilar, masalan, hujayralar konsentratsiyasi, ularning joylashishi yoki hatto jismoniy xususiyatlarni ham nazardan qochirmadilar. Olimlar haqiqatan ham ikki jins vakillarining miyasida fiziologik o‘zgarishlar borligini isbotladilar.
Shuningdek, olimlar miyadagi bodomsimon tana va talamusda diffuziya ko‘rsatkichlarini topdilar, aynan ular tashvish, DEGS, ijtimoiy ko‘nikmalardagi muammolar va depressiya kabi ruhiy buzilishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Olimlarning ta’kidlashicha, diffuz MRT tasvirlarini kelgusida yanada chuqurroq o‘rganish orqali erkak va ayollardagi uchraydigan bosh miya kasalliklarining farqi haqida ko‘proq ma’lumot olish mumkin.
Sharhlar