Nizolar hal qilinishida kelishuv bo’lsa, davlat boji qisman qaytarib beriladimi
Tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, tekshiruvlarni tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bu haqida Prezident axborot xizmati xabar bermoqda.
Unga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab bitta huquqbuzarlik uchun bitta javobgarlik chorasini belgilash nazarda tutilmoqda. Jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinmoqda.
Shuningdek, raqamli markirovkalash qoidalarini hamda fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish, xodimlar sonini yashirish uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilinadi.
Nizolar hal qilinishini yengillishtirish maqsadida 2025-yil 1-martdan sudda ish yuritish taraflar kelishuvi bilan tugatilganda davlat bojining bir qismini qaytarib berish tartibi joriy etiladi.
Tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari roʻyxati tasdiqlanadi. Bunda, roʻyxatda yoʻq masalalar boʻyicha tadbirkorlar faoliyatini tekshirish taqiqlanadi. Tadbirkorlar faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab, tekshiruvlar “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi doirasida tadbirkorlarni 3 ta toifaga ajratgan holda oʻtkaziladi.
Sharhlar